ADIBNI XOTIRLAB ...

Bugun - 6 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyida Abdulla Qodiriy tavalludining 130 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Mazkur tadbir doirasida “Abdulla Qodiriy ijodining barkamol avlodni tarbiyalashdagi ahamiyati” mavzuidagi Xotira kechasi, Muzey hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan hamkorlikda tayyorlangan “Qodiriy” nomli hujjatli film taqdimoti, shuningdek, “Abdulla Qodiriy abadiyati” nomli foto  va rangtasvir asarlari ko‘rgazmasining ochilishi marosimi bo‘lib o‘tdi.

Qatag‘on davri qurbonlaridan biri - ulug‘ o‘zbek adibi Abdulla Qodiriy yangi o‘zbek adabiyotining boshlovchilaridan biri bo‘libgina qolmay, O‘rta Osiyo xalqlari adabiyotida roman janrining ham asoschisi hisoblanadi. Uning ijodi nafaqat o‘zbek adabiyoti, balki milliy kino, teatr va tasviriy san’atning ham rivojiga katta ta’sir ko‘rsatgan.

2024 yilda adib tug‘ilgan kunga 130 yil to‘lishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi, “Shahidlar xotirasi” jamoat fondi, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi, Abdulla Qodiriy ijod maktabi, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar Universiteti bilan hamkorlikda “Abdulla Qodiriy ijodining barkamol avlodni tarbiyalashdagi ahamiyati” mavzusida Xotira kechasi tashkil qildi.

Xotira kechasida so‘zga chiqqan Respublikaning taniqli tarixchi, adabiyotshunos olimlari, mutasaddi tashkilotlarning rahbarlari A.Qodiriy asarlari asosida milliy g‘oya targ‘ibotini yangi bosqichga olib chiqish va barkamol avlodni tarbiyalash, Abdulla Qodiriy ijodining mustaqillik davridagi ahamiyati, adib asarlari qahramonlarining yosh avlod uchun ibrat namunasi ekanligi, adib asarlarining tarixiy o‘tmish va milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usi bilan yo‘g‘rilganligi kabi masallar xususida fikr bildirdilar. Sho‘rolar hokimiyati siyosati tufayli qatag‘onga uchragan Abdulla Qodiriy merosining mustaqillik yillarida o‘rganilishi, targ‘ib qilinishi, alloma merosining xalqqa qaytarilishi, asarlarining hozirgi kundagi ahamiyati to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Xotira kechasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bilan hamkorlikda tarixchi olim Baxtiyor Hasanovning asari asosida (senariy mualliflari – Ravshan Asqarov, Temur Zokirov, Baxtiyor Hasanov) yaratilgan Abdulla Qodiriyning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Qodiriy” nomli yangi hujjatli filmning ilk namoyishi o‘tkazildi.

Toshkent shahar IIBB “Nihol” ijodiy jamoasi hamda Abdulla Qodiriy ijod maktabi o‘quvchilarining badiiy chiqishlari tadbirning yanada ta’sirli va mazmunli o‘tishida muhim omil bo‘ldi.

Tadbir doirasida, shuningdek, Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyida “Abdulla Qodiriy abadiyati” mavzuidagi foto va tasviriy san’at asarlari ko‘rgazmasining ham ochilishi bo‘ldi.

Ma’lumki, A.Qodiriy XIX asrning oxiridan XX asrning qariyb 30-yillarigacha Toshkentda yashab ijod etgan. Shu davrda Toshkent O‘rta Osiyoning yirik madaniy-ma’rifiy markazlaridan biri bo‘lib, A.Qodiriy ijodining shakllanishida g‘oyat katta rol o‘ynadi. Nafaqat Sharq, balki G‘arb madaniyatining yutuqlari ham kirib kela boshlagan Toshkentda Qodiriy madrasa ta’limini oldi, rus-tuzem maktabida o‘qidi, shu yerdagi adabiy-madaniy muhitdan bahramand bo‘ldi.

Ko‘rgazmada namoyish etilgan Eski Toshkent manzaralarini aks ettiruvchi fotosuratlar shu haqida hikoya qiladi.

Ko‘rgazmaning 2-qismi tasviriy san’at asarlaridan iborat. Bu bo‘limda adib hayotini aks ettiruvchi rangtasvir asarlar bilan birga uning asarlariga ishlangan illustrasiyalar tashrifchilar e’tiboriga havola qilingan.

Ko‘rgazma 15 aprelgacha davom etadi.